Men bugun angladim gulda mohiyat,
U asli g`unchaning zavoli ekan.
Men bugun tingladim toshni nihoyat,
U bizga tuproqning savoli ekan.
Qay kun, boshga topilmasa toj,
Qay kun, zo`rlar qolsa noiloj.
Qay kun, nogoh oqarganda soch -
Shoir qadri bilinar shunda...
Salom berar gullar ta`zimda,
Sog`intirdi ularni yuzing.
Hayot nomli to`kin bazmda -
Malikasan, go`zalim, o`zing.
Quyosh kulgan yonog`ingga
Men ham bir bor botay deyman.
Gullar ungan quchog`ingga
O`zimni bir otay deyman.
Ko`ngil ekan - boy qiziga oshiq bo`ldim,
Yeru ko`kka sig`magan zo`r qo`shiq bo`ldim.
Ko`nglim mening oppoq chinni kaptar bo`ldi,
Suyganimga yozganlarim daftar bo`ldi.