Umrimni bir olis ishqqa almashdim Qochdim hushyorlikdan, tushga almashdim. Beqanot qalbimni qushga almashdim - Sizsiz o'tganumrim bekor, yorijon! Ne baxtkim, yuragim bemor, yorijon! Ul ko'zda qay kuni porladi ziyo Dunyodan kechgulik topdim bir dunyo. Bu dunyo nimadir? Bu dunyo - ro'yo- Faqat pok ishqingiz haqdir, yorijon Qalbimga eng yuksak taxtdir, yorijon Garchi o'rtamizda sog'inch-u hijron, Garchi visol yo'li vayrondir, vayron, Ammo azobingiz ko'ksimda har on - Muqaddas olovday qoldi, yorijon Shukurkim siz bilan yondim yorijon. Yashardim o'zimga muz kabi boqib, Ishq keldi, jo'nadim, daryoday oqib, Menga habib bo'ldi hatto shum raqib - Ko'rib - to'lqin-to'lqin qonim, yorijon Siz mening jonimsiz, jonim, yorijon Hech qachon demasman boshni yo'qotdim Eridim, vujuddan toshni yo'qotdim Yillarni yo'qotdim - yoshni yo'qotdim. Mendan ayro tushdi yolg'on yorijon Shundanmi tillarim ravon, yorijon Nodon der "Sen borni yo'qqa almashding, Quyoshni bir g'arib cho'qqa almashding..." Kulaman: "Xalqobni ko'kka almashding..." Endi yurar yo'lim falak, yorijon Qanotga aylandi yurak, yorijon Qanotga aylandi yurak, yorijon!
|