Sen hali qizlarning shohi bo'lasan, Sonsiz yulduzlarning yagona mohi. Sen hali qalbimning ohi bo'lasan, Ne kuyuk dillarning o'chmas faryodi. Hurkak tabassumlar ko'chadi hali, G'uncha lablaringga, guldek chehrangga. Yuzlarimni tilib, sochimni yulib, Zikrga tushaman xali tegrangda. Ruhimda uyg'onib tuyqusdan bir tong, Sibizg'a chaladi hali taajjub. Ko'nglim och chumchuqday chirqirab nolon, Shoxlardan-shoxlarga yuradi ko'chib. Hayrat telbalanib do'mbira chalar, Gupurlab, dupurlab o'ynaydi yurak. Men esa, hapqirib o'lmaslik uchun, Qaygadir bosh olib ketmog'im kerak. Omad hali seni qaydadir kutar, Hali falaklardan kelgaydir yorliq. Changlarga belanib hali elanar, Go'zallik poyida to'kilgan borliq. Yulduzday porlagay chashmi timlaring, Izlaringdan hali ungusi chechak. She'r bo'ladi, gulim, tabassumlaring, Kulgularing buyuk doston bo'lajak. Men g'amga to'lgandek baxtga to'larsan, Hali manglayingni silagay taqdir. Sen hali, farishtam, yakto bo'larsan, Men esa bo'laman nomsiz bir shoir...
|