Sevgilim, men hamon qoshingda qulday... Koshkiydi, tan, olsang, tanisang meni? Oq oydin kechalar ko'raman seni, Xayolot bog'ida tashna bir gulday... Sening ko'zlaringmi yoki yulduzlar... Shu'lalar soyasi kipriklaringmi, Qosh bo'lib ko'ringan bitiklaringmi? Yuragim o'q yegan ohuday bo'zlar!... ...Xokipoy emasman, o'sha isyonkor, Xokisor oshiqman, o'sha kamolim, Balki o'zgargandir husni jamolim, Lekin o'sha sevgi, o'sha dard, viqor... Yuz yillar yuzini ko'rgim keladi, Shox qalam izidan yurgim keladi. Orzuga ayb yo'qdir! Orzuli dunyo! Dunyo turgungacha turgim keladi.
|