Bir kishi bilan tanishadigan bo’lsak, uning qanday fazilatlarga ega ekanligi bilan qiziqamiz. Illatlari ham nazarimizdan chetda qolmaydi. So’ng aqlu farosatimizni tarozuga aylantirib, yangi tanishimizning fazilatu illatlarini “tortib” ko’ramiz. Tarozuning “fazilat” pallasi og’irroq kelsa, yangi tanishimiz bilan yanada yaqinlashishga, do’stlashishga intilamiz. Tarozuning “illat” pallasi bossa, undan nari qochishga urinamiz. O’zimizga hos ajib hususiyat shundaki, “fazilat” va “illat” tushunchalarini o’z aqlimiz darajasidan chiqolmagan tarzda, o’z qarichimiz bilan o’lchaymiz. “Komil insonga hos fazilat” degan me’yorni esa unutamiz. Shu bois yangi tanishimizga hos fazilatday ko’ringan odat komil insonga yot, imonga zid bo’lib chiqish ehtimoli ham bor. Bu borada yanglishmaslik, yangi tanishni asl holida tanimoqlik uchun o’zimizning qobig’imizdan chiqishimiz kerak bo’ladi. Kallakesar odam chivinga ham ozor bermaydigan kishining bu mo’minlik fazilatini qadrlay olmaydi, aksincha, “nodon” deb kuladi. Besabr odam sabrli kishining qadriga yetolmaydi. Demak, uni zohiran bilsa-da, botinan tanimog’i mushkul. Tohir Malik.