Bugun O'zbekiston qahramoni shoir Abdulla Oripovning tavallud topgan
kunlari. Shu kun bilan biz ularni chin yurakdan tabriklaymiz.
Yoshlariga yosh, ijodlariga ijodiy parvoz tilaymiz. Biz adabiyot
ihlosmandlari uchun yanada buyuk - buyuk ijod namunalarini
chiqazishlarini tilaymiz. Bayram tuhfasi sifatida esa bugun ularning
she'rlarini sizlar uchun sahifaga qo'shamiz.
ONAJON
Onam Turdi Erdona Karvon qizi xotirasiga
Necha kunki yo`q oromim
Kelolmayman hushimga.
Onajonim kechalari
Kirib chiqar tushimga.
Qo`llarida oq elpig`ich
Oy nurida yaltirar.
Onajonim imlab meni
Qoshlariga chaqirar.
Keltirarlar goho beshik
Ko`zlarida hayajon.
Yotar payting bo`ldi-ku der,
Kela qol, der, bolajon.
Qaylargadir yuguraman,
Fig`onimdan chiqar dud.
Yig`lama, deb qo`llarimga
Tutqazarlar so`ng tobut.
Tongda ruhsiz ko`z ochaman,
Qovurilar tanda jon.
Onajonim, bunday qilma,
Bunday qilma, onajon.
Axir o`zing der eding-ku,
Silab o`ksuk boshimni:
- Endi senga bersin umr,
Senga bersin yoshimni.
Afsus, o`zing erta ketding,
Erta ketding olamdan.
Ukalarim bag`rim ezar,
Ajradik deb onamdan.
Bevaqt xazon bo`lmay har kim
Yoshab o`tsin dunyoda.
Onajonim, har kim oshin
Oshab o`tsin dunyoda.
Garchi fano har kimsaga
Azaliy bir qismatdir.
Lekin, ona, tiriklik ham
Bilsang, yarim hikmatdir.
Tushlarimda, mayli, boshim
Silab turgin, onajon.
Qolganlarga endi umr
Tilab turgin, onajon.
II
U kun chetda oh chekardim
G`ussalarning dastidan.
Sen otamga pul beribsan
Yostig`ingning ostidan.
Aytibsanki, onasizlik
Kelmasin hech o`yiga.
Sarf qilingiz, menga emas,
Abdullaning to`yiga.
O, o`g`lingga sen shafqatni
Bilarding-ku, onajon.
Bundan ko`ra bag`rim o`ysang
Bo`lardi-ku, onajon.
Zarragina rahm etgali
Sabring menga yo`qmidi?
Onajonim, bundan o`zga
Jabring menga yo`qmidi?
Yo`qmidi hech o`zga gaping, -
Nola qilib so`ylasang.
Nahot, axir so`nggi dam ham
Farzandingni o`ylasang.
Axir orzu qochib ketmas,
Bitkazar-ku tiriklar.
Onajonim, bir kunini
O`tkazar-ku tiriklar.
Unutilar g`ussalar ham,
Orzular ham cho`zar bo`y.
Onajonim, balki bir kun
Aytganingday bo`lar to`y.
Balki sening qabring uzra
Ko`karganda gul, chechak,
Ostonamga qadam qo`yar,
Sen istagan kelinchak.
Kimdir uning yo`llariga
Balki gul ham sochadi.
Balki munis opajonim
Kel, deb, quchoq ochadi.
Balki do`stlar davrasida
Kamim bo`lmas hech qachon.
Lekin seni o`sha damda
Qaydan topay, onajon.
III
Esimdadir, titrar edim -
G`amgin, bolish pastida.
Kitobimni ko`rdim nogoh
Boshginangning ostida.
Toshday qotdim o`shal oni
Bor toqatdan ayrilib.
- Shoir o`g`lim, - deding menga
Sekingina qayrilib.
Onajonim, so`ng bor menga
Nafas qilding u zamon.
Shoir bo`lgin, deya balki
Havas qilding u zamon.
Onajonim, balki men ham
Bir kun shavqqa to`larman.
Balki men ham aytganingday
Bir kun shoir bo`larman.
Kuylay desam hurmatingni
Ushbu kunda tilim lol.
Balki faqat shu sababli
Shoir bo`lsam ehtimol.
Balki sarson-arosatda
Qolib ketmas bu tanim,
Kamolimni ko`rar balkim,
Yurtim, ona Vatanim.
Payti kelib to`lar bir kun
Paymona ham beomon.
Kuzatarlar meni ham so`ng
Senga tomon, sen tomon.
Balki u kun boshim uzra
Do`stlar bosh ham egadir.
O`sha damgi iqbolim ham,
Onajonim, sengadir.
Dilda neki jur'atim bor,
Dilda neki hayajon,
Bari, bari senga bo`lsin,
Senga bo`lsin, onajon.
Senga bo`lsin bor hayotim,
Nomim, shonim bir yo`la.
Xotirangga ushbu she'rni
Yozdi o`g`ling Abdulla.
|