Muhabbat, ey go`zal iztirob, Ey ko`hna dard, ey ko`hna tuyg`u. Ko`kragimga qo`lingni tirab, Yuragimni to`kib qo`yding-ku. Qancha ko`zlar menga zor edi, Na g`am, na anduhim bor edi. Qushday yengil ruhim bor edi, Chok-chokidan so`kib qo`yding-ku. Ne qilarding menga tegib sen, Yengilmagan edim — yengib sen, Boshlarimni yerga egib sen. Qomatimni bukib qo`yding-ku. Sen men uchun bir xayol eding, Yaxshi bor yo yaxshi qol eding, Jon kerakmi — mana ol endi, Qiynar bo`lsang qiynab to`yding-ku. Bilmam, nima edi maqsading: Menga bir juft guling asrading, Birin otin Kumush atading, Birin ismin Zaynab qo`yding-ku! Muhabbat, ey go`zal iztirob, Ko`chang kezdim sarson, dovdirab, Yuzlarimga yuzlaring tirab, Ko`zlarimni boylab qo`yding-ku!..
|