Qalb
isyoni ....yoxud ko`ngil bilan suhbat ...
Tun… Mening motamsaro
qalbim yanglig` qop-qora, zulmat libosini kiygan va lek tinch,
osuda oqshom.
Tun… Bu kecha ham ko`zlarda uyqu yo`q. Kipriklar bir-birini sog`inch
bilan eslaydi, bir-birlarini shirin quchmoqlikni intiq bo`lib
kutadi… biroq uyqu shahzodasi bu oqshom yana qorachiq va mujgonlar
huzuriga kelishidan bosh tortadi.
Yurak bezovta, dil xavotirda. Ko`ngil…yana notinchsan. Sen-da
bedor, menga-da orom yo`q.
Ko`ngil… nega buncha noziksan, erkam? Nechun? Nega o`zga qalblar
kabi diydang tosh emas. Agar shunday bo`lganingda senga ham, menga
ham bunchalik qiyin bo`lmasmidi?
Atirgulni gullar malikasi, deyishadi. Sen o`sha malakning harir
va nafis libosidan ham nozikmisan, ey DIL?! Men- KO`NGILman. Hamisha
notinch qalbman. Men pokiza tuyg`ular maskani, sevinchning qotib
qolfan sho`lasiman. Jamiki mavjudotlar ichra eng aqlli, shuning
bilan birga eng yovuz INSON deb atalmish zoti oliylaridan cheksiz
nafratdaman. Ular meni qiynaydilar. Tuyg`ularimga o`t qo`yadilar.
Meni o`z sochimga osmoqchi bo`ladilar. Yanglishadilar. Meni o`z
qo`llarim bilan bo`g`ib o`ldirmoqchi bo`ladilar. Xato qiladilar.
Mening sohibam! Sendan uyalaman, o`zga ko`ngillardan nozikroq
bo`lganligim uchun. Meni avf et, azizam! Sen esa yonib yasha.
Munavvar kunlar kelishiga ishon. Hayotda umid o`yini tikla. Poydevori
mustahkam qal`a har qanday bo`ron va toshqinlarga bardosh bergusi.
Azob farishtasining sochlarini yul: toki seni ortiq qiynamasin.
Ruhiy iztiroblar qasrini qulat va bu maskanni tark et! Olam…yop-yorug`…Qara…Tong
otmoqda. Sutday oq tongni ikkimiz bedor qarshiladik.
…Men…Ko`ngilman. Billurday tiniq, tonggi shabnamman. Aziz sohibam!
Sen quyosh bo`l! Sabot va bardoshing bilan turmushning chigal
kishanlarini uz, ulardan xolos bo`l! Nurli toqating bilan meni
o`zingga band et!
Men KO`NGILman. Sen esa mening pandlarimga KO`NGIL va o`zingni
niyating oppoq gullariga, murodbaxsh tuyg`ulariga ko`mgil.
-KO`NGIL! Taskin top, tinchlan. Nasihatlaringga amal qilishga
intilaman. Ko`ksimda sen hokim ekansan, boshqacha bo`lishi mumkin
ham emas. Meni to`g`ri yo`lga boshla, meni tushun, menga ishon.
-KO`NGLIM!!! Musaffo tongni qarshi ol! Pokligi uchun unga sajda
qil! Yangi tong muborak, ey, bedor DIL!!! Yangi kun muborak, ey,
qutlug` INSON!!!
Muhayyo Ahmedova
|