Umr ham o`tganday... go`yo bir kunda nastarin guliday ochilib so`ldik. go`yo bir nafaslik ravshan quyunda qalbi so`qirlarga asfsona bo`ldik, qushlarni muzlatgan qora buyuqda soyamiz qo`shilib devona bo`ldik.
Marmari qo`rg`onlar oyoqlarida umrini yondirgan darvozabonlar... quturgan jaholat tayoqlaridan sillasi qurigan daryozabonlar... dunyoning qayroqtosh taboqlarida kimlarga yig`ladi pari sabolar.
Otlarning chirigan kallasi kabi mohiyat raftori ko`ringan chog`lar, oylarning uvalib tushgan pallasi, yuraklar gulini kuydirgan dog`lar, kimlarga atalgan edi faylasuf qoyalar boshida qoraygan dorlar.
Ig`vo chechaklari... fitna bog`lari... saltanat poyidan oqqan bazmlar, tuhmatni shopirgan kunlar novlari, raqqos libosini kiygan nazmlar, vaqtning milyonta kar kar go`rkovlari ezilib kimlarga lahad qazdilar.
Umr ham o`tganday... nahot bir kunda nastarin guliday ochilib so`ldik? Bir nafis gul ko`rdik yovuz jununda, orzulab ismni armona qo`ydik, ismi jismiga mos armona bo`ldi, bu gulga tikilib vayrona bo`ldik.
Zulm moshinlari... shayton sorlari... shahvat girdobida suzgan sadolar, ko`zlari toshlarday qattiq yorlari javharin nisholda qilgan gadolar... valilar o`qchigan buyuk tonglarni qay go`rga yashirib qo`ydi razolat?
Dunyoni tebratgan ziyobonlar ham kafanga burkanib falakka o`rlar, o`tlardan chinqirib biyobonlarda vahshiylar og`ziday ochilgan go`rlar... haqorat soylari qo`shilgan joyda tokay qonimizni ichar qonxo`rlar?
Sahro egalari — g`am tepalari... zulmatda yig`lagan chechaklar dardi, moziyga yo`l solgan kun tevalari, yurakning tuyg`udan yorishgan qa'ri, vaqtning shafqatsiz nevaralari qaylarga oborar bizlarni ayrib?
Umr ham o`tganday... oftob so`lganday... qayg`uli xarsanglar xayolni ezar, jannatni sog`inib yotgan cho`llarda qashqirlar galasi qonsirab kezar. Ey, gulim, ko`zlarga yoshlar to`lganda soyamiz qo`shilgan damlarni eslang!